Diniy ekstremizm va terrorizmni jamiyat taraqqiyotiga tahdidi

Namangan muhandislik-pedagogika instituti Texnologiya fakulteti 8-MJ-15 guruh talabasi Nematjonov Azamat Shuxrat O’g’li

Diniy ekstremizm va terrorizmni jamiyat taraqqiyotiga tahdidi
Butun insoniyat buguni va kelajagi uchun katta xavf-xatarga, tahdidga aylangan diniy ekstremizm va xalqaro terrorizm muammosi Markaziy Osiyo mintaqasi, jumladan O’zbekiston uchun ham sezilarli tahlika uyg’otmoqda. O’tgan istiqlol yillari davomida turli buzg’unchi kuchlarning mamlakatdagi tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni izdan chiqarishga urinishi buning tasdig’i hisoblanadi.
O’zbekiston Respublikasining Prezidenti SH. Mirziyoyev aytganlaridek -“Butun dunyoda murakkab vaziyat yuzaga kelayotgan, terrorizm, ekstremizm va radikalizm xavfi tobora ortib borayotgan bugungi sharoitda doimo hushyor va ogoh bo’lish, mamlakatimizning mudofaa qobiliyatini, Qurolli Kuchlarimizning salohiyatini har tomonlama mustahkamlash- xavfsizlik va barqarorlikni hamda xalqimizning osoyishta hayotini ta’minlashning eng muhim sharti va kafolatidir”.
XXI asr boshida dunyo bo‘yicha globallashuv jarayoni sodir bo‘layotgan hozirgi sharoitda bir tomonda insoniyatning mushtarak bo‘lgan ko‘pchilik manfaatlarini ko‘zlab, yangicha ijtimoiy – iqtisodiy va siyosiy munosabatlar qaror topayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan esa insoniyat tor doiradagi manfaatlar bo‘lgan diniy va milliy ruhdagi ekstremizm, narkobiznes va halqaro terrorizm tushunchalari va ularning mudhish hodisalariga duch kelmoqda. SHu nuqtai nazardan qarab, ekstremizmning mazmuni va mohiyati to‘g‘risida fikr yuritilsa, aytish mumkinki, jamiyatda qabul qilingan va faoliyat ko‘rsatayotgan qonun - qoidalarga mos kelmaydigan va ularga zid bo‘lgan g‘oyalar «ekstremistik» hisoblanadi. Dinning qandaydir bir yo‘nalishini buzgan holda talqin etib, siyosiy maqsadni ko‘zlovchi harakat diniy ekstremizmga olib keladi. Diniy ekstremizm qanday nomlanmasin yoki qanday ko‘rinishga ega bo‘lmasin, uning asosiy maqsadi jangari guruhlarni shakllantirish orqali hokimiyatni qo‘lga olishdan iboratdir.
Xo‘sh, ekstremizm va uni keltirib chiqaradigan omillar nimalardan iborat? Ekstremizm – lotincha (extremus – o‘ta, keskin degan mazmunni beradi) jamiyatdagi ijtimoiy – siyosiy xarakterdagi muammolarni hal etishda o‘ta keskin chora-tadbirlar, fikr va qarashlarni yoqlovchi nazariya va amaliyotdir.
Diniy ekstremizm islom olamida ham keng tarqalgan bo‘lib, ular qaerda faoliyat ko‘rsatmasin, asosiy maqsadi islom diniy «xalifalik» davlatini barpo qilishdir. Bu maqsadga o‘zaro nizolar, ixtiloflar keltirib chiqarib qurolli to‘qnashuvlar orqali ya’ni qon to‘kish, zo‘rlik bilan erishishni ko‘zlaydilar. Bu esa har bir millatning mustaqilligiga, jamiyat taraqqiyotiga katta g‘ov hisoblanadi.
Aslida esa islom ekstremizmi g‘oyalarining Markaziy Osiyoga kirib kelishidan ko‘zlangan asosiy maqsad – diniy qadriyatlarni qaytadan tiklash emas, balki, ana shu g‘oyalardan faqat vosita va niqob sifatida foydalanish orqali mintaqada beqarorlikni, diniy va millatlararo nizolarni vujudga keltirish, iqtisodiyotni turli yo‘llar bilan (diversiya qilib) izdan chiqarish, iqtisodiy inqirozni keltirib chiqarish orqali hukumatni kuchsizlantirib obro’yini to‘kishdir.
Bunda turli ommaviy axborot vositalari yordamida go‘yo «mamlakatda fuqarolarning vijdon erkinligi borasidagi huquqlari buzilmoqda va diniy e’tiqod poymol etilmoqda» kabi da’volar bilan ham konstitutsion hukumatga ishonchsizlikni keltirib chiqarishdir.
Hozirgi davrdagi shakllangan xalqaro terrorizm tushunchasida esa davlatlar, xalqaro tashkilotlar, siyosiy partiyalarni beqarorlashtirish va xalqaro ijtimoiy – siyosiy nufuzga ega bo‘lgan alohida siyosiy arboblarni qotil qilishga yo‘naltirilgan buzg‘unchi siyosiy xususiyati bilan xarakterlanadi.
Terrorizm iqtisodiy, siyosiy, diniy, g‘oyaviy, milliy, guruhiy va individual shakllarda namoyon bo‘lishi mumkin. Ta’qib qilish, zo‘ravonlik, qo‘poruvchilik va qotillik terrorizmning har qanday ko‘rinishi uchun umumiy xususiyat bo‘lib, u gumanizm, demokratiya, adolat tamoyillariga ziddir. SHuning uchun terrorizm qanday «bayroq» ostida amalga oshirilmasin, mohiyati insoniyatga, jamiyat taraqqiyotiga, ezgulikka qarshi jinoyatdir.
XX asr oxiri XXI asr boshlariga kelib terrorchilik alohida olingan davlat yoki mintaqa doirasidan chetga chiqib, xalqaro miqyosda uyushgan tashkilot darajasigacha ko‘tarildi. Ular ezgulik g‘oyalariga qarshi, muxolif g‘oya sifatida uyushib insoniyat taraqqiyotiga havf solayotgan xalqaro tashkilotga aylanib ulgurdi.
Islomdagi an’anaviy oqim tarafdorlari har qanday yangiliklarga qarshi bo‘lib, o‘rta asrlarda qaror topgan diniy tartib – qoidalarni saqlagan holda sabr-toqat qilishga chorlaydilar.
Islomni isloh qilishni maqsad qilib qo‘ygan uchinchi oqim esa «islom fundamentalizmi» hisoblanadi. Ular jamiyatdagi mavjud shart-sharoitlarga norozi bo‘lib, ushbu tizimni o‘zgartirishni maqsad qilib, butun musulmon jamiyatini ilk islom davri va Qur’on va SHariat «axkom» lariga amal qilishga qaytishni maqsad qilib qo‘yadi. Buning uchun jamiyatda faqatgina Olloh tomonidan o‘rnatilgan shariat qonunlarigina amal qilishi lozim deb hisoblaydilar. Jamiyatdagi faoliyat ko‘rsatayotgan real qonunlar inkor qilinadi.
O‘zbekistonga nisbatan islom fundamentalizmi va ekstremizmining tahdidi aqidaparastlikni yoyish, shu yo‘l bilan islohotchi dunyoviy davlatga ishonchini yo‘qotish, vujudga kelgan umumxalq birdamligi va hamjihatlik, millatlar va fuqarolararo totuvlikka rahna solishga harakat qilmoqda. Ular va boshqa diniy aqidaparastlik guruhlariga oid ba’zi g‘arazli shaxslar chet eldan bizga yot-begona bo‘lgan g‘oyalar va ekstremistik oqimlarning adabiyotlari, mablag‘larini olib kelib, islom dini niqobi ostida harakat qilmoqdalar.
Diniy ekstremizm va terrorizm nopok va g‘arazli maqsadlarni ko‘zda tutib jamiyat barqarorligiga tahdid solayotgan ekan, unga qarshi kurashda qanday vazifalar va usullardan foydalanish lozim bo‘ladi?
Birinchidan, barcha musulmon mamlakatlarida diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash usuli butun xalq va boshqa mamlakatlar bilan birga Prezidentimiz Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatning qo‘shma majlisida qayd qilganidek, birinchi navbatda yoshlar ongini zaharlayotgan, ulardan terrorchilar tayyorlayotgan, musulmon olamida xalifalik davlati tuzishdek xomhayollarni amalga oshirishga urinayotgan qabih kuchlarning ildizini qirqib tashlash kerak. Buning uchun ekstremizmni muqaddas, ma’rifatli, bag‘ri keng islom dini bilan bog‘lashdek xavfli urinishlariga, islomni obro‘yini tushurishga qarshi keng ko‘lamda kurash olib bormoq kerak.
Ikkinchidan, ularga qarshi ichki va tashqi jabhalarda keng ko‘lamli kurash olib borish zarur. Ichki jabhada eng avvalo, yangi ish joylarini yaratib, yoshlarni ish bilan ta’minlash va ularni davlat va jamoatchilik tomonidan iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, siyosiy sohada mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ko‘ppartiyalikka keng yo‘l ochib berish orqali ekstremizm va terrorizmni qabih niyatlarini fosh qilib borish zarur. Tashqi jihatdan halqaro seminar, konferensiyalar tashkil qilish, halqaro bitimlar asosida kuchlarni birlashtirish lozim bo‘ladi.
Uchinchidan, sog‘lom qadriyatlar va adolat bo‘lmagan joyda g‘oyaviy bo‘shliq sodir bo‘ladi. SHu bo‘shliqni to‘ldirish uchun nosog‘lom bizga yot va zararli begona g‘oyalar kirib keladi va ular «mafkuraviy tuzoq» qo‘yishga harakat qiladi. Bu borada O’zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti I. Karimov alohida qayd etganlaridek, «Biz xalqaro munosabatlarni mafkuralashtirishga bo‘lgan har qanday o‘rinishga qat’iyan qarshimiz». SHuni hisobga olib, bizning bugungi kundagi vazifamiz o‘zbek xalqining tarixiy va milliy qadriyatlari asosida shakllangan milliy istiqlol g‘oyasi va mafkurasini yoshlarimiz ongi va qalbiga ta’lim va tarbiyaviy usullar bilan singdirib borish mamlakatimizdagi uzoqni ko‘zlagan muhim strategik vazifadir.
To‘rtinchidan, terrorizmga qarshi kurashni xalqaro miqyosda huquqiy asoslarini yaratish bu borada AQSHda 40 ga yaqin qonunlar qabul qilingan. O‘zbekistonda ham bu borada maxsus qonunlar mavjud bo‘lsa-da, ularni yanada boyitish, takomilashtirish hamda halqaro darajada o‘yg‘unlashtirish davrimiz talabidir.
Beshinchidan, terrorizmga qarshi kurashda ma’naviy-ma’rifiy usullardan keng foydalanish zarur. Bu usulning ikkita komponenti (yo‘li) mavjud bo‘lib, birinchisi o‘quv muassasalarida dunyoviylik ilmi berib tarbiyalash bo‘lsa, ikkinchi yo‘li, islom dinining muqaddas manbalari Qur’oni Karim va Hadislardan kengroq foydalanish asosida islom dinini ma’rifiy mohiyatini axloqshunoslik va boshqa ijtimoiy fanlarni o‘qitish orqali tushuntirib borish, bu borada Prezidentimiz Oliy Majlisning qo‘shma yig‘ilishida ta’kidlaganidek: «bor kuch va salohiyatni safarbar etgan holda ma’rifatli, bag‘ri keng islom diniga musulmonchilikni niqob qilib uning ustidan hukmronlik qilishga o‘rinayotgan jangari, mutaassib kuchlarga qarshi kurashishda yordam berish darkor». Bu din ulamolaridan ham foydalanib, terror islomda yo‘qligini, islom ma’rifat va ma’naviyatni shakllantiruvchi din ekanligini xalqimizga tushuntirish yo‘li yaxshi samara beradi.
Zero, biz farzandlarimizni O’zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Prezidenti I.Karimov aytganidek, islomdagi Imom Buxoriylar, Naqshbandiylar, Yassaviylar, Termiziylar ta’limoti asosida tarbiyalasak, ularni turli islom niqobi ostidagi g‘arazli guruhlar bilan buyuk ajdodlarimiz amal qilgan va bizlarga meros bo‘lgan musaffo, ma’rifatli islom bilan ekstremizm farqini ajrata oladigan darajada yoshlarimizni bilimli qilishimiz zarur bo‘ladi.
Oltinchidan, terrorchilikka qarshi kurashda xalqaro hamkorlik yo‘li bo‘lib, unda davlatlararo shartnomalar, mintaqaviy va jahon davlatlari hamkorligi kabi xalqaro global (keng) usullardan foydalanish lozim. Bu borada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma yig‘ilishida Prezidentimiz ma’ruzasida ta’kidlaganidek, Markaziy Osiyo hamkorlik tashkiloti, SHanxay hamkorlik tashkiloti, MDH kabi tashkilotlar bilan hamkorlikda faol ish olib borilsa, mintaqada xavfsizlik, tinchlik va barqaror rivojlanishning muhim imkoniyat yaratiladi.
Ettinchidan, antiterroristik kurashning samarali usullaridan biri terroristik tashkilotlarni moliyalashtirayotgan mablag‘ bilan ta’minlayotgan ayrim davlat, xalqaro va jahon banklaridagi hisob raqamlarni yopib qo‘yish antiterror kurashning samarali usullaridan hisoblanadi. O’zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimov 2006 yil 24-25 yanvar kunlari Rossiyaning Sank-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tgan, Evroosiyo iqtisodiy hamjamiyati mamlakatlari rahbarining ishtirok etgan sammetda ta’kidlab o‘tganidek, bugungi kunda dunyodagi vaziyat shu qadar shiddat bilan o‘zgarib bormoqdaki, bunday sharoitda bamaslahat ish yuritilmasa, dunyodagi tinchlik va barqarorlik xavf ostida qolishi hech gap emas. O’zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti I.Karimov-«Mana shunday sharoitda o‘z g‘arazli maqsadlari yo‘lida foydalanmoqchi bo‘layotgan ayrim yovuz kuchlar ekstremistik tashkilotlarni fitna qurollari sifatida ishga solishdan ham qaytmayotir»deb bejizga ta’kidlamagan edilar.
SHunday qilib, bugungi davrda kim bo‘lishimiz va qanday mavqega ega bo‘lishimizdan qat’iy nazar, har birimizning vazifamiz ekstremizm va terrorizmning qabih va g‘arazli jinoyatkorona maqsad va mohiyatini yoshlarimiz va butun xalqimiz orasida tinimsiz fosh qilish asosida ogohlikka chaqirishdan iboratdir.
Adabiyotlar:

1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent Islom Universitetida tayyorlangan ma’ro‘zalar tezislari. T, 2004 y.
2. Abdulatif qori Hoshimjon qori o‘g‘li. Zalolatga ketmang! «Hizb-ut tahrir» fitnasidan ogoh bo‘ling. T., Movaraunnahr, 2003 yil.
3. Bag‘rikenglik tamoyillari Deklaratsiyasi. T., 2002.
4. Bahromov A. Islom va ma’rifat. T., Movaraunnahr, 2002.
5. Bzejinskiy Z. Velikaya shaxmatnaya doska. – M, 1999.
6. Jurjoniy A.SH. Islom huquqshunosligi. – T, Toshkent islom universitet, 2002.
7. Jo‘raev N. Xalqaro terrorizm va mintaqaviy mojorolar. T, 2000.
8. Zikirlaev A. G‘oyalar kurashi. T, Movaraunnahr, 2000.
9. Inson huquqlari: Universal xalqaro hujjatlar to‘plami. – T, 1996.
10. Inson huquqlari to‘g‘risida xalqaro byulleten.. – T. Adolat, 1992.
11. Islom bag‘rikenglik mutaassiblik. – T, Universitet, 1998.
12. Islom va dunyoviy davlat. (xalqaro ilmiy-nazariy konferensiya materiallari). – T, 2003.
13. «Islom tarixi» fani bo‘yicha o‘quv uslubiy qo‘llanma. - T, Toshkent Islom Universiteti, 2001.
14. Islom. Ensiklopediya. – T, O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi. 2004.
15. www.akadmvd.uz